loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

BOLALARIMIZNI O’LDIRMAYLIK!!!

<p style=»text-align: justify;»> Ijtimoiy tarmoqlarda keyingi paytlarda ona o‘z bolasini sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi, ona bolasini axlatxonga tashlab ketdi, degan xabarlar uchrab turibdi.

Biz yashayotgan ayni payt axborot asri deb nom oldi. Hatto super axborot asri deyish ham mumkin. Qo‘limizdagi imkoniyatdan foydalanib, “dunyoni aylanib” kelishimiz mumkin. Biri rost, biri yolg‘on, biri chin, biri bo‘hton xabarlar oqimi aylanib yotibdi. Birini “hazm qilib” ulgurmay ikkinchisiga yoqa ushlaymiz.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda keyingi paytlarda ona o‘z bolasini sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi, ona bolasini axlatxonga tashlab ketdi, degan xabarlar uchrab turibdi. Hammamiz o‘sha onaning nomiga la’nat aytishni boshlaymiz. Keyingi xabar undan ham dahshatliroq bo‘lib chiqadi. Ona o‘z bolasini o‘ldirib, archa tagiga tashlab ketdi. Yoki xorijda yurgan o‘zbek ayoli bolasini tug‘ruqxonaga tashlab ketdi. Sen ham ayolsanmi, sen ham onasanmi, deging keladi.

Lekin bu bilan muammo barham topmaydi. Kechagi sharhlardan birida bir ayol “Dindan uzoqlashishning oqibati”, deb yozsa, boshqasi “Bunday hollar avval ham bo‘lgan. Xabar o‘sha hududda tarqagan xolos. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgani uchun ko‘pdek tuyulyapti”, deb yozibdi. Balkim. Yana biri hamma joyga kamera o‘rnatish taklifi bilan chiqibdi. Nima bo‘lganda ham bu hol bir yilda bir bor uchrasa ham menimcha ko‘p. Bu zalolat.

Uyqularim qochib ketyapti. O‘ylayverib, o‘ylarim chigallashib ketyapti. Bir hamkasbim o‘sha ayol “Bolani boqolmasdan o‘ldirmoqchiman”, desa asrab olardim, deydi. Endi esa g‘isht qolipdan ko‘chgan. Bola kapalakdek uchdi ketdi. Ijtimoiy saytlarda tarqagan rasmni ko‘rib, ona zoti borki, ko‘ziga yosh oldi. Ota zoti borki, bir qalqib tushdi.

Ayolman-da doim ayollar tarfida bo‘lgim, ularni oqlagim, yoqlagim keladi. Eng tuban ayollardan ham zarra qadar yaxshilik topgim keladi. Nima qilayki, bolasini bo‘g‘ayotgan qo‘llar necha kunki mening bo‘ynimda. Boshqa saidalar boshqa bolalarni bo‘g‘masligi uchun menga azob bermoqda. Tashlab ketilayotgan, axlatxonalarda chirqirayotgan bolalar oromimni olib qo‘ygan.

Mening singillarim – o‘zbek qizlari bolasini sotib tish qo‘ydirmoqchimi? Mening qavmdoshlarim bolasini axlatxonaga tashlab ketyaptimi? Biz farzandlarimizga qanday tarbiya beryapmiz? Uvolni, zavolni o‘rgatmayapmizmi? Zalolatga botib qoldikmi?

Qiz bola o‘tganda tanga jaranglab ketgandek, hamma xushyor tortgan. Qizli uy darvozasidan ma’lum bo‘lgan. Ayol degan zot ibtidodan, bugungacha sharaflangan. Muqaddas dinimizda jannat onalar oyog‘i ostida deb ulug‘langan. Endi o‘z bolasining qotillarini qay birini bu qatorga qo‘shay. Endi qay birining nomini oqlab, yuvib-tarab yana muqaddas ayol qatoriga tortay?
Yoshligimizda qishlog‘imizga kelin bo‘lib kelgan bir ayol akasi haqida aytib bergandi. Akasining uyi oldiga kimdir chaqaloq tashlab ketibdi. Ular bolani uyiga olib kirib, isintiribdi, sut beribdi. Milisiya chaqirishibdi. Ne tongki, milisiya yetub kelgunicha, yetti farzandli xonadonning bekasi bolani o‘zimiz asrab olaylik deb turib olibdi.

Xullas, bolani asrab olishibdi. Lekin uy egasi yurtga ma’lum qilibdi: “Kim bu bolani ulg‘ayganda tashlandiq desa, mening bolam emasligi aytsa, sudga beraman!” keyinchalik eshitishimcha, o‘sha oila sakkizinchi farzandini ham uyli-joyli qilibdi. Bugungi kunda tashlab ketilgan bolalar birovga berilmaydi. Bu to‘g‘ri usul ham. Odamlar nimalar qilmaydi, oldindan sotib, keyin tashlab ketildi, deyishlari mumkin. Lekin abgor bo‘lgan qizlarga, ayollarga nimadir yo‘l ko‘rsatish kerak.

Agar bola kerak emasmi, ko‘cha-ko‘yga emas, istalgan uyga bersin. Mayli, shaxsiyam noma’lumligicha qolsin. Keyin uy egasi milisiya chaqiradimi, bolalar uyiga beradimi, shu yo‘lni osonlashtirib qo‘yaylik. Bo‘lmasa, boshqa qulay takliflar ishlab chiqilishi kerak. Go‘dak o‘lib bo‘lgach, menga bermaysanmi, deb o‘tirmaylik.

Ayolni bola sotgani uchun aybladik, tashlab ketgani uchun aybladik, bo‘g‘ib o‘ldirgani uchun (har gal ming qiynoq ichida yozyapman shu so‘zni) aybladik. Lekin ularning atrofidagi bizchi, biz aybdor emasmizmi? O‘zimizni ayblash uchun ming bitta sabab bor. Chunki masala dolzarb. Tugunlarning yechimi ming bir tomonimizda chuvalashib yotibdi.

Aslida yaxshi yoki yomon odamlar, ayollar, onalar hamma zamonda, hamma jamiyatlarda bo‘lgan. Yomonni yaxshi qilish bandasining qo‘lida emas. Lekin bitta muammoni bartaraf qilish bilan bitta bo‘lsa ham jinoyatning oldi olinishiga erishsak, nur ustiga nur bo‘lardi. O‘sha qotil Saidaning oilaviy ahvoli o‘rganildi. Ota pul topishga chetga ketgan. Qiz onaning aytganiga kirmagan. Uzatilgach ham o‘zini to‘g‘rilamagan. Bu yerda oilaviy muhitni ayblashga ham haqimiz yo‘q. Ota moddiy ta’minlash ilinjida bo‘lgan. Ona balki qiziga sirdosh bo‘lmagandir.

Shu o‘rinda ona-bola munosabatlari xususida ikki og‘iz. Onalar yo qizlariga sandiq to‘ldirish bilan ovora bo‘lib tarbiyani unutib qo‘yadi, yo astoydil turmushga tayyorlayman deb turmushdan bezdirib qo‘yadi. Qiz bolaga, ayniqsa, o‘smir yoshida ona nasihati juda kerak. Qizlar qaysidir yigitcha sumkasiga xat tashlaganini o‘rtog‘iga aytadi, onasiga aytmaydi. Nega? Ona sirdosh emas. Qiz bolaga bu davrda onadan ko‘ra sirdosh muhim. Shuning uchun ona kerak bo‘lganda, o‘rtoqqa aylanib, qizining kayfiyatidan tortib, yurish-turishigacha bilib olishi kerak. Ota-onadan haddan tashqari qo‘rqadigan qizlar ko‘chadan do‘st topadi.

Biz tarbiyani qattiq ushlaganmiz, degan ota-onalar shu nuqtada adashadi. Ota mayli, onaga sir aytolmagan qiz bola ertaga o‘z vujudidagi sirni ham yashiradi. “Otang bilsa, o‘ldiradi” degan onadan yashirib ish qiladigan qiz xato qilib qo‘ysa, onaga ham aytmaydi. Onalarning o‘zlari…

Biz tarmoqlarda o‘qiyotgan tashlab ketilayotgan bolalar haqidagi xabarlar qancha ko‘paysa, shuncha boshimiz egilmoqda. Shuncha aldangan, nomusi poymol bo‘lgan qizlarga achinyapmiz. Hali bu tug‘ruqqacha yetib kelganlari. Abortlar qanchadir, qo‘lbola usulda tushirilganlar qanchadir… Nima bo‘lganda ham bu hol barcha vujudida onalik hissi bor ayollarni larzaga solmoqda. Bolasini o‘ldirayotgan, sotmoqchi bo‘layotgan, tashlab ketayotganning har biri bizning farzandlarimiz, singillarimiz. Bunga befarq qaray olmaymiz.
Bir necha yil oldin kollej va akademik liseylarda o‘qiydigan qizlarni ommaviy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishganda onalarga yoqmadi. O‘qituvchi dars bersin, qizlarimizni har xil apparatlarga solishmasin, deyishdi. Aslida bu usul muammoga yechim bo‘lmasada, onalar o‘zlaridan ortmayotgan bir paytda yaxshi ish edi. Maktablarda tashkil etilgan “Orasta qizlar” o‘zini oqladimi? Gap kelganda, mahalla qaerga qaradi, inspektor qaerga qaradi, degan savollar ko‘payadi. Biz onalar qaerga qarayapmiz?

Qiz qurg‘urni ijtimoiy saytlarda qarg‘ab qo‘yish bilan kifoyalanmaylik. Har bir qotil, botil onaning ortida uni aldagan, xo‘rlagan, shu joygacha olib kelgan bitta nomard (mard so‘zi forsiyda erkak degani ekan) bor. Axir erkak xo‘rlamasa, ayol xo‘rlanmaydi. Aldamasa, aldanmaydi. Ona farzandni to‘qqiz oy vujudida asraydigan vosita. Nasl egasi esa qaysidir panada. U ham bizga qo‘shilib, axlatxonaga bolasini tashlab ketgan ayolga la’nat aytayotgandir. Qani, chiqsin shu suyak meniki, u ona bo‘lishni istamasa, men otaman, unga mehrimni beraman, deb. Yo‘q, erkak qarqara. Ota-onasining qahridan, el-yurtning gap-so‘zidan qo‘rqadi, Xudodan emas. Onam Xudodan qo‘rqmaydigan odamdan ehtiyot bo‘l, deb aytardi. Men bugun har bir qotil onaning ortida qotil ota ham bor deb aytaman.

Biz qizlarimizni turmushga tayyorlashga, borgan joyida qiynalmasin, deb har xil kurslarda o‘qitishga kirishib ketdik. O‘g‘il bola uylansa, bo‘ldi, aravasini tortib ketadi, deymiz. Yo mashina olib kirakashlik qilar, yo u yoq bu yoqda ishlab kelib kun ko‘rar, yurt ko‘rgani qoladi… Yo‘q! Tarbiya o‘g‘ilgayam, qizgayam o‘ta og‘ir, o‘ta mas’uliyatli ish. Bugun bo‘lmasa, ertaga shu farzandlarimiz uchun ularni bizga omonatga bergan Zot oldida javob beramiz.

Farzandlarimizga nima ish qilib qo‘ygan bo‘lsa ham o‘zimiz bilan sirlashishni o‘rgataylik. Agar gunoh qilgan bo‘lsa, xaspo‘shlamay tavbaga o‘rgataylik. Hamma jinoyatlar bandasidan qo‘rqib Yaratgandan qo‘rqmaslikdan kelib chiqadi. Farzandlarimizga Allohni tanitaylik. Hech birimiz bu ishni mening farzandim qilmagan, deb o‘zimizni loqayd tutishga haqqimiz yo‘q. Tirikchilik tashvishlaridan ortib, ular bilan shug‘ullanishga vaqt ajrataylik. Bo‘lmasa, o‘zlari topishadi shug‘ullanadigan maskanlaru vositalarni. Ertamiz farovonligini o‘ylab, moddiyatga berilib ketmayapmizmi? Shu moddiyat bolalarimizni boshqa ko‘yga solmayaptimi? Tarbiyachi faqat onalar bo‘lib qolmayaptimi? Mayda orzular yo‘lida katta muammolar keltirib chiqarmayapmizmi? Erkaklarni moddiy ehtiyojlarimizga shu qadar ko‘mib tashladikki, ularni tarbiya bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘q hisob. Endi bu alohida mavzu.
Bolasini sotish degani moddiy qiyinchilikdan shu ahvolga soldi, degani emas. Tanazzul botqog‘i degani. Bir tanishim uzoq yil farzandli bo‘lmadi. Keyin kelinning singlisining uch nafar o‘g‘li bor edi. To‘rtinchi farzandi ham o‘g‘il tug‘ilgach, opasi va pochchasining nomiga bolani rasmiylashtirib berishdi. Farzand asrab olgan oila o‘zlariga ancha to‘q, moddiy kamchiligi yo‘q xonadon edi. Singlisining ro‘zg‘ori katta. Eri ukalari uchun ham ma’sul yigit edi. Bir kuni singil opasining do‘koniga ish bilan keladi. Do‘kondor opa singlisining sumkasiga oziq-ovqat, kiyim-kechak solib jo‘natadi. Singil xursand bo‘lib uyiga olib borsa, eri agar opang bola tufayli shuncha narsa berib yuborgan bo‘lsa, qaytarib berib kel, bolani farzandlikka berdik. Bu ulardan moddiy foydalanishga asos bo‘lib qolmasin, debdi. Singil ming istihola bilan opasiga narsalarni qaytarib beribdi. Mardlik mana shunaqa bo‘ladi.

Keling, onalar, opa-singillar, farzandlarimizni o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin, chiroyli tarbiya berib, ajru mukofotlarga loyiq bo‘laylik. Ekranlarning katta-kichiklaridan, serialu kinolardan ortib, ularning ko‘ngliga quloq tutaylik. Sarpo uchun bitta matoh olganimizda yonida bitta kitob olib o‘qishini nazorat qilaylik. Avvalo, ona bo‘lib ko‘ngliga qo‘l solaylik. Istaklarini tinglaylik. O‘rtoqlari kimligini bilaylik. Telefonida kimlar bor, ijtimoiy saytlarda kimlar bilan yozishadi, qanday manbalar ko‘proq qiziqtiradi, bilaylik. Bo‘lmasa, ertaga hojatxonadan topilgan go‘dakning onasi yoki otasi bizning farzandimiz bo‘lib chiqishi mumkin. Keyin o‘n joyimizni o‘ysak, o‘rniga tushmaydi. Bugun ular farzandini o‘ldirayotgan bo‘lsa, demak kecha biz uni ma’naviy o‘ldirganmiz. Aziz, onalar, dugonalar, farzandlarimizni o‘ldirmaylik.</p>

Manzura Shams