loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

“Ustoz, bu fan menga nega kerak?” 

Toshkent davlat texnika universiteti Energetika fakultetida o‘rindosh sifatida kuzgi semestrda “Energoaudit va energomonitoring asoslari” fanidan talabalarga ma’ruza darslarini olib bordim. Semestr so‘ngida talabalar bilan alohida suhbatlashib feedback olishga harakat qildim. Maqsadim yana shu fandan dars bersam nimalarni o‘zgartirishim kerakligini aniqlash, talabalardan “pichoqqa ilinadigani”ni “ko‘z ostimga olish” va keyinchalik hamkorlik qilish, ularning rejalari bilan qiziqish, tavsiyalarimni berish va imkonim darajasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish edi. Suhbat davomida ular menga savol berishlari yoki tanqid qilishlari kerak edi. Kutilmaganda bir qancha talabalar “Ustoz, bu fan menga nega kerak bo‘ladi?” deb savol berishdi. Savolning ostida kelajagiga ishonchsizlik va aniq rejaning yo‘qligi kabi yoqimsiz ohanglar bor edi. Menimcha Oliy ta’limning kutilgan natija bermayotganiga mana shunday noaniqlik sabab bo‘lsa kerak. Talaba fanni nega o‘rganishi kerakligini to‘liq bilmaydi. Oldimda qisqa vaqtda ularga ham fanni maqsadini tushuntirish va ishonchsizligini olib tashlash topshirig‘i paydo bo‘ldi. Shunda men ularni 4–5 yildan keyingi holatini ko‘z oldiga keltirishilariga harakat qilib ko‘rdim. Bunda ko‘p tashkilotlarda energoaudit jarayonida kuzatganim vaziyatlardan foydalandim. Shunday suhbatlarni bir qanchasini keltirib o‘taman.

Rahbarga aylangan talaba

– …
– Ustoz, issiqlik energetikasi talabasiman, energoaudit menga nega kerak?
– Keling tasavvur qilib ko‘ramiz. Siz o‘qishni bitirib, bir korxonada ish boshlaysiz. Yaxshi o‘qigansiz va bilimingiz yetarli, demak siz tezda nazarga tushasiz, o‘zingizni ko‘rsatasiz. Yoshlarga katta ishonch bildirilayotgan vaqtda bir kun (prezident yoki viloyat hokimi olib borayotgan) majlisda sizni bankrot bo‘lgan korxonaga rahbar qilib saylashadi. Siz korxonaning bankrot sabablarini, xarajatlarini o‘rganasiz va ularni kamaytirishga harakat qilasiz. Ishchi xodimlarni qisqartiraolmaysiz, oyligini tushiraolmaysiz, xom-ashyo xarajatlarini kamaytiraolmaysiz. Demak, oldingizda ishlab chiqarishda ishlatiladigan elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini kamaytirishdan boshqa yo‘l ko‘rmaysiz. Ishni nimadan boshlaysiz?

– …

– Agar energoaudit asoslarini bilganingizda energiya iste’molini asl holatini aniqlash uchun ichki yoki tashqi

energoaudit o‘tkazishdan boshlar edingiz. Energiyatejamkor texnologiyalarni joriy qilish va energiya samaradorligi yuqori rejimlarni aniqlashdan boshlar edingiz.

– Xa, yana energiya samaradorligi ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan holda, energomonitoring ishlarini tashkil qilaman…
– Ha, siz men issiqlik energetika talabasiman, elektr energetikasini yaxshi bilmayman, texnolog emasman deb o‘tiraolmaysiz. Axir siz endi korxonada ishlayotgan ishchilarning oilasi uchun ham mas’ulsiz…

-…

To‘yxonada ishlaydigan talaba
– …
– Siz o‘qishdan tashqari vaqtda to‘yxonada ishlar edingiz-a?
– Ha shunday.
– Agar siz energoauditor kabi energiya iste’moli uchun sinchkov bo‘lganingizda to‘yxona sarflarini kamaytirish uchun rahbarga takliflar bergan bo‘lar edingiz. Masalan, idishlarni yuvishga ishlatiladigan issiq suvni o‘choq yonidan quvur

olib o‘tish bilan hal qilib gazni tejab qolar edingiz. Keyingi oyda suv tejovchi jo‘mraklarni tavsiya qilib suv iste’molini yarimigacha tejar edingiz. To‘yxona foydasini oshirsangiz rahbar nima qiladi deb o‘ylaysiz?

– Premiya beradi yoki meni darajamni oshirishi mumkin.
– Ha, bu mening ishim emas deb o‘ylasangiz, oddiy ishchi bo‘lib yuraverar edingiz…
– …

Bo‘lim boshlig‘iga aylangan talaba
– …
– Tasavvur qiling, siz korxonada qozonxona boshlig‘isiz. Siz tabiiy gazdan foydalanib issiqlik energiyasi ishlab chiqarasiz, ammo bu korxona iste’moli uchun yetmaydi. Eng oson varianti quvvati kattaroq boshqa yangi bug‘ qozonini o‘rnatish. Aslida esa ishlab chiqarish bo‘limlarida shu bug‘ni tejashning oddiy usullarini yo‘lga qo‘yish mumkin va shu bilan samaradorlikka erishish mumkin. Siz esa bu mening vazifam emas, deb samaraliroq taklif bermaysiz. Nima bo‘ladi?
– Shu taklifni bergan boshqa odam katta ehtimol bilan meni o‘rnimni egallaydi…
– Ha…

Energiyatejamkor ayol
Dars vaqtida men energetika sohasida ishlamayman, uydagilar ruxsat berishmaydi degan yosh farzandi bor talaba qizlardan biri bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan parcha.

– …
– Uyda energiyadan eng ko‘p foydalanadiganlar ayollar ekanligini bilmaysizmi? Bu ko‘proq sizga kerakku. “O‘zbekona oilaviy energoservis shartnomasi” nomli blogpostimni o‘qiganmisiz? (talabalarim blogpostlarimni o‘qib, tahlil qilishini eshitgan edim)
– Ha, o‘qiganman ))
– Mana shunday energiyatejamkor ayol bo‘lsangiz va oila harajatlarini kamaytirsangiz, bu ham foyda keltirish bo‘ladi. Agar shartnoma tuzib olsangiz, sovg‘ali ham bo‘lib olasiz?
– …

Talaba vs buxgalter
– …
– Tasavvur qiling, siz ishlayotgan korxonada yaqinda energoaudit o‘tkazilgan. Energoaudit so‘ngida ishlab chiqilgan energiya samarador chora-tadbirlarni joriy qilishda rahbar shu fanni o‘qigan yosh kadr sifatida sizni ham majlisga taklif qildi. Ammo, u majlisda buxgalter ko‘p harajatli bu energiyatejamkor texnologiyani sotib olish korxonaga zarar bo‘lishini uqtiryabdi. Siz nima qilasiz? Jim o‘tirasizmi? Agar energiya samaradorligi yuqori texnologiya korxona mahsuloti raqobatbardosh bo‘lishida muhimligini asoslab bersangiz va buxgalterga Jahon bankining energiyatejamkor texnologiyalar uchun imtiyozli kredit liniyasi bo‘yicha ma’lumot bersangiz nima bo‘ladi? Balki shu majlis ish faoliyatingizda burilish nuqtasi bo‘lar…
– …

Umuman olganda bunday suhbatlar menga Oliy ta’lim tizimida talabalar bilan psixologik testlar va har xil tahliliy-amaliy vaziyatlar (case study) bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirish kerak ekanligini ko‘rsatdi.
Talaba o‘qishdan keyingi tushishi mumkin bo‘lgan holatni his qilib ko‘rishi uchun ham shunday vaziyatlarni ishlab chiqishimiz kerak. Shu vaziyatga tushgan talaba o‘z darajasini his qilaoladi. O‘zim talabaligimda ko‘p tajriba ish va amaliy mashg‘ulotlarni bajarganman, ammo dispetcherlik kursisida bajargan tajriba ishimni hozirgacha eslayman. Boshqalarida negadir yoqimli hissiyot va adrenalinni his qilmaganman. Balki bunda o‘qituvchimning kasalxona joylashgan tarmoqni noto‘g‘ri o‘chirib qo‘ygan vaziyatimda “operatsiyadagi odam nima bo‘ldi? Ana endi ertaga prokraturaga chaqirilasan!” degan tahdidli e’tirozi ta’sir qilgandir. Shu holatda o‘zimni energetik ekanligim va mas’uliyatimni his qilgan bo‘lsam kerak.

Agar o‘qituvchi ham talabalarga bilim berishda imkon darajasida individual yondashsa va ularni “qozonda qaynataolsa” ular ta’lim standartida belgilangan har bir fanni maqsadini tushungan, shunga ko‘ra mas’uliyatli o‘qigan bo‘lar edi. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ayb biz o‘qituvchilarda ham bor. Mana shu men olgan eng katta dars va feedback bo‘lgan.

Baxtiyor G’oziyev