loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

Yapon odobnomasidan lavha

Odob-axloq qoidalari bizning hayotimizda juda muhim o‘rin egallaydi. Ular odamlar o‘rtasidagi muloqotning sifatini oshirishga xizmat qiladi. Yaponiya xalqining odob-axloqi yuqori cho‘qqilarda turishini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Ammo bu madaniyat qanday rivojlanganligi, buning orqasida nima turishi bilan ko‘pchilik qiziqib ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Bu blogpostda Yaponiya muloqot madaniyatidagi ikkita muhim so‘z xaqida gapirib bermoqchiman.

Yapon tili va madaniyatini o‘rgangan va o‘rganayotganlar bu ikki so‘zning ma’nosini juda yaxshi tushunadi deb o‘ylayman. “Xonne” bu odamning ichki dunyosini aks etadigan so‘z bo‘lib, bir insonning boshqalar va tashqi olam haqidagi fikrini haqiqiy aksi hisoblanadi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, odamlar ich ichidan siz haqingizda qanday fikrga egaligini anglatadi. “Tatemae” so‘zi “xonne” so‘zining antonimi bo‘lib, bu odamning tashqi ko‘rinishini, boshqalar bilan muloqotda qanday tutishini aks etadi.

Keling, yaponlarning “tatemae”si qanday rivojlanashiga bir nazar solamiz.

Yapon xalqining hayotida odob-axloq qoidalari muhim ahamiyatga ega. Bilim olishdan ko‘ra ko‘proq odob-axloq qoidalariga e’tibor berishadi. Masalan, boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilarning o‘zlashtirishidan ko‘ra ularning o‘zlarini tutishi ta’lim tizimining ustuvor maqsadi etib belgilangan. Biz tez-tez televizorlarda saf tortib yurgan yapon bolalarni ko‘rib turamiz. Bu yaponlarda qoidaga amal qilish yuqori darajada ekanligidan dalolat beradi.

Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasida qoidalarga amal qilish bo‘yicha ularga teng keladigani yuq. Kirib kelgan mehmonni kutib olish uchun alohida belgilangan iboralar, buyurtma olishda boshqa iboralar, kuzatishda yana boshqa turdagi iboralarni ishlatishadi. Ish joyida ham shunday sur’at davom etadi. O‘zidan yoshi va lavozimi kattalar bilan muloqot qilganda hurmat shaklidagi iboralarni ishlatish lozim. Bunday iboralar va odob-axloq qoidalarining qiziq tomoni shundaki, bular yaponlarning ichki hissiyotlarini umuman aks ettirmaydi. Boshqa so‘z bilan aytganda, o‘sha odamni nima haqida o‘ylayotganligini bila olmaysiz.

Yaponlarning qiziqarli tomoni shundaki, ular majburiyatlarga juda ham jiddiy qaraydi. Ularni sidqi dildan bajarishadi. Ammo majburiyati bo‘lmasa, ulardek beparvolarni topish qiyin. Masalan, siz restoranga kirib buyurtma qilasiz. Offitsiant sizga kulib, xushmuomalalik bilan xizmat qiladi. Siz unga qanday munosabatda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, u sizga gap qaytarmaydi va har doim kulib turaveradi. Chunki bu uning majburiyati. Lekin xuddi shu offitsiantni siz ko‘chada ko‘rib qolsangiz u sizni tanimaganga olib o‘tib ketadi.

Bir qarashda bu oddiy holdek tuyulishi mumkin. Chunki xizmat ko‘rsatish sohasida mijozni aytganini bajarish – bu o‘zgarmas qoidalardan biri. Ammo bu holatni ish va o‘qishda ham kuzatishimiz mumkin. Siz bilan yonma-yon ishlaydigan yoki bir xonada o‘qiydigan hamkasb, kursdosh kechgacha ish yuzasidan siz bilan muloqot qilishi mumkin, lekin ko‘chada sizni ko‘rganda, ko‘rmaganga olib, indamay o‘tib ketishi odob-axloq qoidalariga zid kelmaydi. Shuning uchun siz bilan gaplashayotgan odamni haqiqatan nima haqida o‘ylayotganini siz bila olmaysiz, hattoki, yaqin insoni olamdan o‘tganda ham bilib olishning iloji yo‘q. Chunki siz faqat uning “tatemae”sini ko‘rasiz, uning ichki dunyosiga kira olmaysiz.
Xulosa qilib aytganda, “tatemae” so‘zining ma’nosi bu odamning tashqi ko‘rinishini, boshqalar bilan muloqotda qanday tutishini aks ettirishi bilan tugab qolmaydi. Bu so‘z insonning odob-axloq qoidalariga qay darajada rioya qilishini ham ko‘rsatadi. Odob-axloq qoidalari bir xil bo‘lganligi uchun yaponlaring o‘zini tutishi bir biriga juda ham o‘xshab ketadi.

Savol tug‘iladi “xonne”sini bilish uchun nima qilish kerak?

Bu savolga javobni o‘zim ham haligacha izlamoqdaman. Yapon tili va madaniyatini o‘rganishni boshlaganimga yaqinda 5 yil bo‘ladi. Buning bir yili Yaponiyaning Kioto shaxrida o‘tgan. Kioto – bu qadimiy, madaniyatga boy, mingdan ziyod tarixiy obidalarga ega, Yaponiyaning eski poytaxti bo‘lgan shahardir. Bu shaharing qiziqarli tomoni shundaki, uning odamlari o‘zlarini boshqa yaponlardan ham ko‘proq yapon deb hisoblaydi. Hattoki “Kiotoliklar – yaponlarning ichidagi yaponlar” deb xazillashib ham qo‘yishadi. Shu sababli ularning “tatemae”si juda ham kuchli deyishimiz mumkin.

Kiotoda yashaganimda quyidagi oddiy qoidalarga e’tibor berdim. Kundalik hayotda sizni biron-bir kishi maqtasa, hattoki siz bu maqtovga loyiq bo‘lgan taqdiringizda ham, adashib “raxmat” deb yubormang, chunki u sizni kekkaygan deb o‘ylab qoladi. Joy bersa, o‘tirib olmang, chunki joy bergan odam ich-ichidan sizga joy bermoqchi bo‘lmayotgan bo‘lishi mumkin. Har doim kamtar bo‘lishga harakat qilish kerak, shundagina yon-atrofdagilar sizni hurmat qilishi mumkin. Ammo ularning ichidagi fikrini so‘rab yurmang, sababi bu sizga yoqmasligi mumkin. Ular har doim kulib muloqot qiladigan odamini ich-ichidan yomon ko‘rishi, maqtab turgan odamini ich-ichidan bu maqtovlarga loyiq emas deb xisoblashi extimoli juda katta.

Bu blogpostni yozishimdan maqsad nima?

Bu bilan bir madaniyatni qoralash yoki oqlash, bir-biridan ustunligini ko‘rsatish niyatim yo‘q. Maqsadim – biz ham shunday odob-axloq qoidalari haqida bosh qotirishimiz kerak emasmikan degan savolni sizlarga berishdan iborat. “Men yomon gapirishim mumkin, lekin ichimdagini aytaman” deydigan ochiq ko‘ngillar, “orqasidan gapirgandan ko‘ra yuziga

gapiraman” deydigan to‘g‘ri so‘zlar, “to‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi” deydigan

“yaqinlar”, “borini shartta-shartta gapirish kerak” deydigan dangalchilar. Xo‘sh, bulardan nima foyda? O‘zi shundoq ham hammasini bilib turgan odamga, o‘zi o‘ylayotgan narsani aytishdan nima foyda? “O‘lganni ustiga tepgandek” bo‘lmasmikan?

Undan ko‘ra, fikrimizni ichimizda saqlagan yaxshi emasmi? Ko‘chaga chiqib, hammaga aql o‘rgatib,

o‘zimiz ham tushunmaydigan narsalar haqida gapirib, birovning dilini og‘ritgandan ko‘ra, fikrimizni ichimizda saqlaganimiz yaxshi deb xisoblayman. Haqiqat achchiq bo‘lishi aniq, lekin haqiqatni tushunib, bilib turgan odamga bu gaplarni aytgandan ko‘ra, o‘zini chetga olgan yaxshi deb o‘ylayman. Zaruriyat bo‘lmaganda boshqalarga o‘zimizning fikrimizni aytmaganimiz ma’qul.
Mening fikrimcha, “xonne” va “tatemae” so‘zlari ham aynan kishilar o‘rtasidagi muloqotni ikki xolatini ifodalaydi. Birinchisi, biz o‘zimizning fikrimizni ustun qo‘yib, boshqalarga uni aytish xolati bo‘lsa, ikkinchisi, o‘zimizni fikrimizni ichimizda saqlab, har bir xolatga mos iboralarni ishla

tish bilan cheklanish xolatidir. Bu ikki xolatdan qay birini tanlashni xar bir odam o‘zi xal qiladi. Birini yomon birini yaxshi deb bir tomonlama aytib ham bo‘lmaydi.

Bir savolga doim javob qidiraman: boshqa odamlarga xushmuomalalik va hurmat bilan murojaat qilib, ularni maqtagan afzalmi, yoki ularning xizmatlarini tan olmasdan, mensimasdan gaplashgan afzalmi?

Javobni topish yoki topmasligimni bilmadim, lekin xalqimizning bir maqolini doim yodimda tutaman: “Boshqalar senga qanday muomalada bo‘lishini istasang, sen ham ularga shunday muomalada bo‘l!”

p.s.: bizning yurtimizda ham xizmat ko‘rsatish sohasida yaponlarning odob-ahloq qoidalarini kiritish maqsadga muofiq bo‘ladi deb o‘ylayman, chunki rivojlanib borayotgan turizm sohasida bu masalaning o‘rni juda katta. Kelayotgan minglab sayyohlar “madaniy shok” olishiga xizmat sohasining vakillarining xulqi salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas!

Davron Ubaydullayev