loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzMasofaviy ta'lim  Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzMasofaviy ta'lim  Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

Institut rektori B.Sobirovning Navoiy viloyati XTXQTMOHM dagi onlayn konferensiyada ishtirok etdi

  Joriy yilning 19 iyun kuni Navoiy viloyati Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xududiy markazi tomonidan «Umumta’lim maktablari ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning dolzarb muammolari va yechimlari» mavzusida Respublika onlayn ilmiy-amaliy konferensiyasi o`tkazildi. Konferensiyada institut rektori, t.f.d. prof. B.B.Sobirov o`z maruzasi bilan ishtirok etdi.

Navoiy davlat pedagogika instituti rektori B.Sobirovning Navoiy viloyati XTXQTMOHM dagi onlayn konferensiya uchun ma’ruzasi.

 “Umumta’lim maktablari ta’lim jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusidagi Respublika onlayn ilmiy-amaliy konferensiyada ko`rib turganimdan xursandman.

Bugungi onlayn konferensiyada ishtirok etayotganimdan mamnunman va konferensiya tashkilotchilariga o`zimning samimiy minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari kirib bormagan sohani topish qiyin bo`lib, iqtisodiy, texnik-texnologik, ijtimoiy,  madaniy sohalardagi taraqqiyot  darajasida erishgan barcha yutuqlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining hissasi  beqiyos.

Raqamli jamiyat jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan hozirgi mavjud shart-sharoitlar ilmiy va innovatsion faoliyatning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha ta’lim jarayonining yaxlit tizimini shakllantirish hamda ilm-fanning eng so`nggi yutuqlarini insoniyatning baxt-saodati uchun xizmat qilishga yo`naltirish davr talabidir.

Bugungi tashkil qilinib o`tkazilayotgan ilmiy-amaliy onlayn konferensiya ham dolzarb ahamiyatga ega bo`lib, Respublikamizda ayni karantin davrida masofaviy ta’lim jarayoni va uni boshqarish masalalarini atroflicha muhokama qilishga bag`ishlangan.

Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 2 martdagi imzolagan PF-5953-son Farmonida “2020 yil 1 sentyabrdan boshlab alohida umumta’lim muassasalarida bolalarni maktab fanlariga elektron o`qitish bo`yicha, shu jumladan elektron sinf jurnali, o`quvchilar kundaliklarini raqamlashtirish va elektron materiallar kutubxonasini (darsliklar, video darslar, virtual laboratoriyalar va boshqalar) o`z ichiga olgan tajriba tariqasida axborot tizimlarini joriy etish” belgilangan.

   Shu bois, bugungi kunda ta’lim jarayoniga axborot texnologiyalarini kengroq joriy qilishni taqozo etadi. Ta’lim tizimida axborot texnologiyalarining ahamiyati shundan iboratki, kelajak avlodlarni axborot texnologiyalariga qiziqishi va ulardan foydalanish kompetensiyalariga ega ekanligi ertangi kun ta’lim tizimida muhim o`rin tutishini ko`rsatib turibdi.

O`zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida o`z mavqyei va o`rniga ega,  Zarafshon vohasi ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali pedagog va ilmiy-pedagog  kadrlar  tayyorlayotgan Navoiy davlat pedagogika institutida  ham bugungi kunda ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish bo`yicha  tizimli ishlar olib borilmoqda.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan ta’lim jarayonida axborot texnologiyalarini qo`llash bo`yicha O`zbekiston Respublikasining intelektual mulk agentligi tomonidan 100 ga yaqin mualliflik guvohnomalari qo`lga kiritilgan. Institutda dist.edu.uz masofaviy ta’lim platformasi orqali masofaviy ta’lim yo`lga qo`yilgan. Ushbu tizimga 80 000 ga yaqin ta’lim resurslari joylashtirilgan bo`lib, talabalar uchun onlayn dars mashg`ulotlarga qatnashishga imkoniyat yaratildi.

Shuningdek, xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan axborot texnologiyalarini qo`llagan holda yetakchi professor-o`qituvchilar tomonidan onlayn  dars mashg`ulotlari olib borildi.

Respublikamizninng barcha oliy ta’lim muassasalari kabi Navoiy davlat pedagogika institutida ham professor-o`qituvchilar va tadqiqotchilarga SCOPUS, Shpringer kabi xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Institut ilmiy pedagog xodimlari ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish bilan bir qatorda mazkur bazalardagi ilmiy jurnallarda ilmiy tadqiqot natijalarini ham e’lon qilib kelmoqdalar.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Navoiy davlat pedagogika instituti mutaxassis chiqaruvchi kafedralarining viloyat ta’lim muassasalarida 19 ta kafedra filiallari tashkil etilgan bo`lib, ular tomonidan ta’lim muassasalarida bir qator ilmiy-uslubiy ishlar tashkil qilingan.

Shu o`rinda ta’kidlab o`tish joizki, Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, maktabgacha ta’lim boshqarmasi tasaruffida faoliyat ko`rsatayotgan ta’lim muassasalaridagi mavjud ilmiy-uslubiy muammolar bazasini shakllantirishi va ularni yechimi bo`yicha Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o`qituvchilari hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi muhim ahamiyatga ega.

Ayniqsa, axborot texnologiyalari rivojlanib borayotgan ayni damda institutimizning Informatika o`qitish metodikasi kafedrasining salohiyatidan foydalanish tizimdagi muammolarning yechimini topishning muhim omillaridan biridir.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi, viloyat xalq ta’limi xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Navoiy davlat pedagogika institutining eng asosiy maqsadi bir yo`nalishga qaratilgan bo`lib, hududdagi  yoshlarga sifatli ta’lim va tarbiya berishdan iborat. Ularning har tomonlama hamkorligi hudud ta’lim tizimini rivojlanishiga o`zining katta hissasini qo`shadi.

Hozirda Navoiy davlat pedagogika instituti bilan viloyat xalq ta’limi xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti bilan ham samarali ilmiy-ijodiy  hamkorlik yo`lga qo`yilgan.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Ta’lim sifatini takomillashtirishda axborot texnologiyalarining qanchalik muhim ekanligini inobatga olgan holda, bugungi konferensiyada muhokama qilinadigan masalalar va ularning yechimlari bo`yicha barchangizga muvaffaqiyat tilaymiz.

O`ylaymanki, konferensiyada qilinadigan xulosalar va ishlab chiqiladigan takliflar albatta ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga o`z hissasini qo`shadi.

Barcha konferensiya ishtirokchilari va konferensiya ishiga omad tilaymiz hamda barcha hamkasblarimizni ilmiy va uslubiy hamkorlikka chorlab qolamiz.

E’tiborlaringiz uchun rahmat.