loader image
All for Joomla All for Webmasters
info@nspi.uz
Э-почта
+998 79 225-07-32
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-71
Faks
Rektor qabulxonasi

Talabalar bandligini ta’minlash – dolzarb vazifa

   Ma’lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning zamirida inson omili, inson qadri mujassamlashgan. Shu ma’noda, haqiqiy insonni shakllantirishda ma’naviy-ma’rifiy bilim bilan bir qatorda fan va ta’limning zamonaviy yutuqlaridan bahramandlik ham muhim ahamiyat kasb etadi. Har tomonlama mukammal farovon hayotni ilm-ma’rifat, samarali ta’lim, qadriyatlarga sadoqat hamda fidoyi faoliyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Malakatimizda qabul qilingan Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ilm-fan taraqqiyotini jadallashtirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini jadallashtirish kabi vazifalar g‘oyat ustuvorlik kasb etmoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etish asnosidagi o‘tgan qisqa davr mobaynida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida qabul qilingan o‘nlab farmon va qarorlar natijasida har bir oliy ta’lim muassasasining imidji, pedagog xodimning ilmiy va kasbiy maqomi yuksaltirildi. Ta’lim jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar, “raqamli ta’lim” dasturlari, innovatsion dasturlar qabul qilindi va sinovdan o‘tkazilmoqda. Oliy ta’limning asosiy maqsad va vazifasi – dunyo miqyosida yuksalish, e’tirof etilgan xalqaro standartlarga ega bo‘lish, jahon sahnida TOP – 1000 talik o‘quv yurtlari qatoridan o‘rin olishdir.

Bugungi kunda Navoiy davlat pedagogika institutida ham keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida ta’limning sifat va samaradorligini oshirish, pedagog-xodimlar maqomini yanada yuksaltirish, “talababay” ishlash tizimiga o‘tish borasidagi amaliy faoliyat namoyon bo‘lmoqda. Joriy yilning 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida «Oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda bir qator vazifa hamda topshiriqlar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Xususan, Navoiy davlat pedagogika institutida ham ishga layoqatli yoshlar aniqlanib, ularni ishga joylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi hamda bu bo‘yicha tizimili ishlar boshlab yuborildi.

Institutdagi har bir talaba bilan ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha fakultetlar va kurslar kesimida suhbatlar o‘tkazilib kelinmoqda. Institutda jami (kunduzgi, sirtqi, kechki va magistratura bo‘limlarida) 18604 nafar talaba tahsil olayotgan bo‘lib, ularning 5289 nafari (32 %) o‘g‘il bolalarni, 13315 nafari (68 %) qiz bolalarni tashkil qiladi.

Kunduzgi bo‘limda 10760 nafar talaba ta’lim olmoqda. Shulardan 20 nafari “Temir daftar”ga, 87 nafari “Ayollar daftari”ga, 44 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, 27 nafari Chin yetim, 195 nafari nogironligi bo‘lgan talaba yoshlarni hisoblanadi. Shu bilan birga bandlik boshqarmasi tomonidan viloyat bo‘yicha talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 2591 ta bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi.

 Institutda ta’lim olayotgan 1 – 3 kurs talabalarining umumiy soni – 8775 nafarni tashkil etadi. Shulardan 1-kursda 2981 nafar, 2-kursda 3397 nafar, 3-kursda 2397 nafarni) tashkil qilib, 2207 nafari o‘g‘il bolalar va 6568 nafari qiz bolalardan iborat.

Joriy yilning 10 mart sanasida O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti tashabbusi bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus ijrosi doirasida institutda Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bilan hamkorlikda “Ishga marhamat” ko‘rgazmali targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Mazkur targ‘ibot tadbirida talaba-qizlar kasb-hunar to‘garaklarida bepul ta’lim olishlari hamda turli yo‘nalishlarda, ishlab chiqarish korxonalarida ish o‘rganib, ishga joylashishi bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, 11 mart kuni Navoiy davlat pedagogika instituti hamda viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi hamkorligida bir guruh talaba-yoshlar uchun Navoiy shahri va Karmana tumanidagi ishlab chiqarish korxonalarida “Biznes sayohat” loyihasi tashkil etildi. Loyihada Navoiy davlat pedagogika instituti talaba qizlarini kasb-hunarga o‘qitish hamda ishga joylashtirishga ko‘maklashish maqsadida Navoiy shahridagi «Diana» tikuvchilik sexiga, Karmana tumanidagi non va shirinlik mahsulotlari «Asl Orzu non va shirinliklari» MCHJga, ishlab chiqarish yo‘nalishida «Tinchlik» tekstil korxonasiga va milliy hunarmandchilik yo‘nalishida «Shadozi Noza brend» xususiy korxonasiga tashrif buyurilib, faoliyat yuzasidan amaliy va nazariy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Biznes sayohat davomida 200 nafarga yaqin talaba qizlar ishlash istagini bildirgan yo‘nalishlarni tanlab olishdi. Quvonarlisi shundaki, shu kunning o‘zida besh nafar talaba sertifikatni qo‘lga kiritib, «Tinchlik» tekstil rahbari Munira Fayziyeva tomonidan ishga qabul qilindi. Shuningdek, videoselektorda berilgan topshiriqqa asosan, institut rahbariyati talabalar bilan muntazam uchrashib, ularga bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanish, ish bilan band qilish va shu orqali moddiy ta’minotni yaxshilash yuzasidan tushunchalar berishmoqda. Viloyat prokuraturasi, xalq ta’limi va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatdagi tashkilot, muassasa va korxonalardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga talabalarni joylashtirish va bu bo‘yicha ayni vaqtda amaliy ishlar boshlab yuborildi. Ishlash istagini bildirgan, ayniqsa, ehtiyojmand oila farzandlarining qo‘shimcha daromad topishlari uchun sharoitlar yaratilishiga alohida e’tibor berilmoqda.

Institutda 2022 yil 25 mart kuni ishsiz talabalarning bandligini taminlash maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. O‘tkazilgan mehnat yarmarkasida Navoiy shaxridagi 68 ta korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud jami 175 ta bo‘sh ish o‘rinlari, jumladan, oliy malumot egalari uchun 104 ish o‘rni va mutaxassislik talab etilmaydigan ishsiz talabalar uchun 71 ish o‘rni bilan ishtirok etishdi. Tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 752 nafar ishsiz talaba qatnashib, 37 nafar ishsiz talabaning bandligini ta’minlash maqsadida korxona, tashkilot va muassasalarga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.

 Talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida ularning 1130 nafari musiqa, 523 nafari hunarmandchilik, 1563 nafari fan, 1769 nafari sport, 920 nafari rassomchilik va chizmachilik, 150 nafari notiqlik, 325 nafari tikuvchilik va pazandachilik to‘garaklarida band ekanligi hamda 853 nafar talaba ishlashga ehtiyoji borligi, qolgan talabalar (1542 nafar) ning iqtisodiy ahvoli barqarorligi hamda ishlashga ehtiyoji mavjud emasligi aniqlandi.

 Shundan so‘ng Navoiy viloyati hokimligi, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi va Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida “Ishga marhamat” Monomarkazida yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha «Bo‘sh ish o‘rinlari» mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada Navoiy davlat pedagogika institutining 800 nafarga yaqin talabalari ishtirok etib, o‘zlari ma’qul ko‘rgan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha yo‘llanmalar olishdi.

Joriy yilning 15 aprel sanasida ham amaliy ishlar natijasi yuzasidan Navoiy davlat pedagogika institutiga ishga qabul qilingan 60 nafarga yaqin talaba va magistrantlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ularga kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida samarali faoliyat olib borishlari uchun taklif va tavsiyalar berildi. Ishlashga va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji bor bo‘lgan 853 nafar talabaning 118 nafari xalq ta’limi tizimiga, 91 nafari maktabgacha ta’lim tizimiga, 24 nafari institutda mavjud bo‘sh vakant o‘rinlarga,  10 nafari ilmiy loyihalarga, 69 nafari tadbirkorlik sub’yektlariga,  45 nafari qurilish brigadalariga, 152 nafari viloyatdagi turli korxona va tashkilotlarga, 42 nafari bo‘sh o‘quv xonalarini bepul ajratib to‘garaklar tashkil qilish orqali, 12 nafar talabaga maishiy xizmat ko‘rsatish uchun xonalar biriktirilib, (sartaroshxona, hunarmandchilik, fotosalon, tikuvchilik xonasi) jami 563 nafar (66 %) talaba band qilindi.

Qolgan 290 nafarini viloyatdagi turli korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga yuborish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘rganishlar natijasida Bandlik markazi hamda Xalq bankining elektron bazasi orqali 912 nafar talabaning bandligi ta’minlanganligi aniqlandi. Qo‘shimcha so‘rovlar va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 1-3 kurs talabalaridan yana 688 nafari ishlashga ehtiyoji borligini bildirgan. Buning natijasida 2022 yil yakuniga qadar 2453 nafar (30% foiz) talabani ishga joylashtirish va iqtisodiy band qilish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

Shuningdek, institutda viloyat Bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda “Bandlik markazi” tashkil etildi. Markazda Navoiy viloyatining 11 ta tuman va shahar bandlik bo‘limlari bilan uzviy aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, hududlar kesimida bo‘sh vakant o‘rinlar haqidagi ma’lumotlar bazasi yangilanib, fakultet dekanatlariga doimiy yetkazib berilmoqda.

Hindiston elchixonasi hamda Hind madaniy markazi hamkorligida ingliz va hind tilini o‘rgatish markazlari faoliyat olib bormoqda.Hozirgi kunda Navoiy davlat pedagogika instituti tasarrufidagi mavjud auditoriya va xonalarda o‘quv kurslari tashkil qilish maqsadida murojaat qilgan 42 nafar talabaga bepul tarzda tikuvchilik, qalamtasvir, rangtasvir, kompozitsiya, chizmachilik, taqinchoq yasash, dizaynerlik, ingliz tili, kompyuter savodxonligi, matematika, rus tili, mental arifmetika, kimyo, psixologiya, geografiya, biologiya, ona tili va adabiyoti, milliy hunarmandchilik, “jas tilshi”, “jas qalamger” kabi jami 20 ta yo‘nalishda to‘garaklar faoliyati uchun imkon yaratib berildi. Shuningdek, institutda “Inkubatsiya va akseleratsiya” markazi tashkil qilingan bo‘lib, bu markazga innovatsion va startap g‘oyalarini amalga oshirish va iqtisodiy daromad topish maqsadidagi 12 nafar talabaning bandligi ta’minlangan. Shuningdek, to‘garak rahbari sifatida 2 nafar talaba faoliyat yuritmoqda.

Ta’kidlash joizki, Navoiy davlat pedagogika instituti Navoiy viloyat prokuraturasi bilan xamkorlikda tuzilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda ustuvor rejalarni amalga oshirish belgilab olindi:

–   “Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish” ustaxonasida servis xizmatini yo‘lga qo‘yish;

–    OTM hududida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlarida talabalarni band qilish;

–     Institut hududidagi o‘quv-tajriba yeri va issiqxonani ish tajribasi bor talabalarga biriktirish (ta’lim jarayoniga ta’sir qilmagan holda).

–    Madaniyat sohasidagi tashkilotlar, shu jumladan, madaniyat saroylari, madaniyat markazlari va boshqa muassasalar bilan madaniy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar tuzish;

–   Talabalar tomonidan yaratilgan rassomlik, naqqoshlik asarlarini mobil do‘konlar, internet tijoratlashtirish platformasi orqali, shuningdek, yoshlar markazi, yoshlar xiyoboni yoki boshqa jamoat joylarida keng jamoatchilikka namoyish etish;

–  Kompyuter xizmatlarini ko‘rsatishga qiziquvchi talabalarga o‘quv xonalarini bepul ajratish va tegishli kompyuter texnikalari hamda internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlash;

–  Turizm va sport bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar ro‘yxati olinib, ularga gidlik xizmatlari ko‘rsatish uchun maxsus sertifikatga ega talabalarni jalb etish;

–  Xususiy va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini tuzish hamda ijtimoiy himoyaga muxtoj talabalarni mazkur ish o‘rinlariga ishga joylashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.

Navoiy davlat pedagogika institutida mazkur vazifalar ijrosini amalga oshirish, shuningdek, talabalar bandligini ta’minlash va bu jarayonni doimiy nazorat qilish, viloyatdagi mavjud ish o‘rinlari prognozidan doimiy xabardor ravishda ehtiyojmand talabalar bandligini amalga oshirish va shu orqali nazariya va amaliyot uzviyligini ta’minlash, sifatli mutaxassis-kadrlar yetishtirish jarayonini jadallashtirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aytish joizki, bu ustuvor vazifalar talabalar ijtimoiy-iqtisodiy farovonligiga xizmat qiladigan muhim maqsadlar sirasiga kiradi.

 

Navoiy davlat pedagogika instituti

rektori Bahodir Sobirov