loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzВнимание!!! Сайт работает в тестовом режиме!
uzВнимание!!! Сайт работает в тестовом режиме!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

ONA TILIDA GAPIRISHDAN BENASIB ETMASIN

Milliy tilni yoʻqatmak – millatning ruhini yoʻqatmakdir

Abdulla Avloniy

    21-oktyabr oʻzbek millati uchun qutlugʻ sana. Bundan 31 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulugʻ orzusiga yetishdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Ushbu sanaga ham sanoqli kunlar qoldi.

 Maʼlumotlarga koʻra, bugun dunyoda 7000 dan ortiq til va lahja bor ekan. Ammo hozirgacha ulardan 500tasigina ilmiy jihatdan oʻrganilgan deyiladi. Jahondagi 1400ta tilning yoʻqolib ketish xavfi borligi esa har qanday odamni sergak torttiradi.Tilsiz millat boʻlmaydi. Davlat ham. Shu oʻrinda Dogʻistonlik avar elining farzandi, XX asr jahon sheʼriyatning yirik vakili Rasul Hamzatovning Mening dogʻistonim kitobidan bir hikoyasini keltirib oʻtmoqchiman.

— Yaratganning oʻzi bolalaringni ona tilida gapirishdan benasib etsin, — bir ayol boshqa ayolni shunday qargʻagan edi…

Parijda dogʻis¬tonlik rassomni uchratib qoldim. U inqilobdan keyin Italiyaga ketgan, oʻsha joyda uylangan va yurtiga qaytmagan. Togʻliklar anʼanasi boʻyicha tarbiya koʻrgan dogʻistonlikning yangi mamlakatga koʻnikishi qiyin kechibdi. Dunyo boʻylab kezib chiqqan rassom oxiri goʻzal poytaxt shahardan qoʻnim topibdi. Ammo qayda kezmasin, sogʻinch ajralmas yoʻldosh boʻlibdi. Men boʻyoqlar orqali suratlarga koʻchgan sogʻinchni koʻrgim keldi va rassomdan ijod namunalaridan koʻrsatishini soʻradim.

Rassom “Vatan sogʻinchi” suratini koʻrsatdi. Unda italyan ayol (rassomning xotini) qadimiy avarliklar kiyimida tasvirlangan. Ayol togʻdagi buloq yonida, qoʻlida gotsatlinlik ustalar tayyorlagan kumush koʻza. Toshlar orasidagi ovul qaygʻuli — qora rangda, ortidagi togʻ ham qoramtir. Choʻqqilarni tuman qoplagan.

— Tuman — bu togʻlarning koʻz yoshi, — deya izoh berdi rassom. — Togʻ yonbagʻridan tuman suzib oʻtganda, qoyalar ustida tomchilar paydo boʻladi. Tuman, bu — men.

Boshqa rasmda tikanli buta shoxida oʻtirgan qush tasvirlangan. Bunday tikanli buta — changallar, toshlar orasida oʻsadi. Qush sayrayapti, uyning derazasidan gʻamgin tanish ayol qarab turibdi. Mening suratga qiziqish bilan qarab turganimni koʻrgan rassom tushuntirishga urindi:

— Bu surat qadimiy avar afsonasi asosida yaratilgan.

— Qanday afsona?

— Qushni ushlab, qafasga solishadi. Qafasga qamalgan qush kechayu kunduz faqat bitta soʻzni takrorlayvergan: Vatan, Vatan, Vatan… Men ham oʻtgan yillarda faqat shu soʻzni takrorladim. Qushni ushlab turgan kishi oʻyga toldi: “Uning vatani qanday ekan, qaerda ekan? Ehtimol, jannat qushlari va jannat daraxt¬lari bor gullab-yashnagan bir oʻlkadir. Yaxshisi, qushni qoʻyib yuborib, qaysi tomonga uchishini kuzatayin. Menga qushcha moʻjizaviy mamlakat yoʻlini koʻrsatar”. U oltin qafasning tuynugini ochdi, qush ozodlikka chiqdi. Qush oʻn qadamcha uchib, silliq toshlar orasida oʻsgan changal shoxiga qoʻndi. Shu changal shoxlari orasida qushning uyasi bor ekan… Men ham oʻz Vatanimga qafasning derazasidan tikilib turibman, — deya hikoyasini tugatdi rassom.

— Nega unda oʻz ovulingga qaytmayapsan?

— Endi kech. Oʻz vaqtida men Vatandan qaynoq yuragimni olib ketgandim, endi unga keksaygan suyagimni olib qaytamanmi?

Parijdan qaytganimdan keyin rassomning qarindoshlarini izlab topdim. Hayratlanarlisi, uning onasi hali hayot ekan. Onasining uyiga toʻplangan qarindoshlari oʻz Vatanini tashlab ketib, uni oʻzga yerlarga almashgan oʻgʻil haqidagi hikoyani gʻamgin tinglashdi. Ular adashgan oʻgʻilni kechirganday boʻlishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Shunda birdan onasi soʻrab qoldi:

— Sizlar avarcha soʻzlashdinglarmi?

— Yoʻq, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha.

Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar oʻz oʻgʻlining oʻlganini eshitganda shunday qilishadi. Uyning tomiga yomgʻir tomchilardi. Biz Avaris¬tonda oʻtirardik. Ehtimol, hozir dunyo¬ning narigi chetidagi Parij shahrida Dogʻistonning adashgan oʻgʻli ham yomgʻir tomchilari ovozini tinglayotgandir. Uzoq jimlikdan keyin ona dedi:

— Rasul, sen yanglishibsan, mening oʻgʻlim allaqachon oʻlgan ekan. Agar mening oʻgʻlim hayot boʻlganida, avar onasi oʻrgatgan tilni unutmagan boʻlardi.Mana, milliy gʻurur, ona tiliga boʻlgan sadoqat! Bu yoʻlda hatto oʻgʻlidan ham voz kechgan mushtipar va millatsevar ayol. Uni, hech ikkilanmay, millat onasi, millat qahramoni, desak boʻladi.

Bunday gʻurur aslida millatini yaxshi koʻrgan har bir insonda boʻlmogʻi lozim. Bizning ham har bir onamiz farzandlari qalbida oʻzbek tilini yaxshi koʻrishi uchun oʻsha ayolning yuragida yonib turgan olovday oʻt yoqa olsin!  Shu oʻrinda men aziz onajonlarimizdan soʻrardimki til milliy gʻururimiz ona tilida aytilgan allangiz, sut bilan kirgan har bir kalomingiz farzandingiz qulogʻida bir umr qoladi. Farzandingiz koʻp tillarni bilsin, oʻrgansin lekin ona tilimizni  unutmasin uni qadrlasin, tilimizning avloddan avlodga sof holda yetishida albatta sizlarning hissalaringiz katta boʻladi.

NavDPI ARM direktori           X.Artikov

Tel: 94-6535621