loader image
All for Joomla All for Webmasters
info@nspi.uz
Э-почта
+998 79 225-07-32
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-71
Faks
Rektor qabulxonasi

ALISHER NAVOIY ASARLARIDA KOINOT SIRLARI

  Jahon sivilizatsiya markazlaridan biri bo`lgan Markaziy Osiyoda ilm-fan rivojlanishi ancha qadimgi davrga borib taqaldi. O`rta asrlarga kelib bu holat o`zining yuqori cho`qqisiga ko`tarildi.
Ushbu maqolada Ulug`bek ilmiy maktabi va uning Markaziy Osiyodagi ilm-fan taraqqiyotiga ko`rsatgan ta’siri xususida fikr yuritiladi. Unda falakiyot ilmi rivojlanish jihatlari Xoja Ahmad Yassaviy, Ulug`bek, Alisher Navoiy meroslari tahlili misolida ko`rib chiqilgan.
IX asrdan boshlab O`rta Osiyo va Xurosonda somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar va temuriylar hukmronlik qilgan davrda ilm-fan, jumladan, falakiyot ilmi tez sur’atda rivojlana boshladi. Bu davrda falakiyot ilmi astronomik jihozlar yasash va ularni takomillashtirish, ilmiy markazlarning vujudga kelishi va ularda astronomiya rivoji, rasadxonalarning bunyod etilishi va falakiyot ilmining turli nazariy hamda eksperimental muammolari jihatlari buyicha taraqqiy etgan va ularning har birida muhim natijalarga erishilgan.
XVII asrga kelib fanlar bo`linishi natijasida ikkita – tabiiy va ijtimoiy fanlar yunalishlari yuzaga keldi. Bunday ajralish ruy berishiga qaramay, ijtimoiy adabiyotlarda tabiiy fanlar yutuqlari aks etishi davom etdi va unda o`sha davrlardagi kosmik dunyoqarashlar ifodalandi. Chunonchi, Xoja Ahmad Yassaviy falakiyot ilmi va uning tarixidan o`z davri taraqqiyoti darajasida boxabar bo`lgan va bu haqda “Devoni hikmat” asarida nazmiy satrlarda eslatib o`tgan.
Ulug`bek ilmiy maktabi, aniqrog`i, Samarkand va Hirot astronomik muhiti Alisher Navoiyning kosmik dunyoqarashi shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo`ldi va bu uning ijodida o`z aksini topdi. Ulug`bek davrida aniq fanlar jadal rivojlandi va bu, o`z navbatida, astronomik tushunchalarning gumanitar manbalarda ham aks etishiga olib keldi. Buni Alisher Navoiy asarlari misolida ham ko`rish mumkin. Ularda astronomik jihozlardan usturlob, armillyar sfera, osmon globusi va qo`shyoyli devoriy kvadrant kabi jihozlar tavsifi bor. Shoir usturlob tasnifida bo`lg`usi teleskop kashfiyotini bashorat qilgan, amalda falakiyotshunoslargina foydalanadigan ma’lum darajada murakkab armillyar sfe¬ra jihozini nazmiy satrlarida badiiy mahorat bilan bayon etgan. O`rta asrlarda falakshunoslarning asosiy jihozi bo`lgan osmon globusi uning e’tiboridai chetda qolmagan va nihoyat, bu davrda musulmon sharqi falakiyot ilmida kashf etilgan, qora xona (kamera-obskura) tamoyilida ishlaydigan, yoyli qurilmaga ega jixoz-bino ham nazmiy satrlarda qayd etilgan.
Alisher Navoiy usturlobning yangi turlaridan birini kashf etmagan, balki usuturlob nomi bilan o`zga bir yangi kuzatuv vositasi tamoyilini bayon etgan va u keyinchalik kashf etilgan teleskop tamoyili bilan aynan bir xil bo`lgan. Ya’ni Ali¬sher Navoiy bayon etgan suturlob tamoyili bo`lg`usi teleskopning bashorati edi.
Usturlob-Astrolyabiya yunoncha so`z bo`lib, «yulduz tutuvchi» degan ma’noni anglatadi (aster – yulduz, laben – tutmoq). Astro¬nomik jihoz – astrolyabiya mil. avv. IV asrdan to milodiy XIX asrgacha amaliyotda qo`llanilgan.
Hozirgi astrolyabiya shtativga gorizontal holatda mahkamlangan, gardishi graduslar bilan belgilangan va gardish markaziga, ikki uchida dioptr joylashtirilgan chizg`ich o`rnatilgan burchak o`lchagich asbobdan iborat. Bunday gorizon¬tal astrolyabiyada ufq yunalishidagi burchaklar o`lchanadi.
Armillyar sfera. Alisher Navoiy yozma merosida qadimda va o`rta asrlarda falakiyot ilmida keng qo`llanilgan astronomik jihoz armillyar sfera haqida ma’lumotlar bor.
«Armillyar» so`zi fransuz (armillaire) va lotin (armilla) tillarida – bilaguzuk, xalqa va «sfera» yunon tilida (sphaira) – shar, shar sirti ma’nolarini anglatadi.
Armillyar sfera yoritkichlarning osmon sferasidagi o`rinlarini aniqdash maksadida qadim zamonlardan qo`llanib kelingan. Masalan, qadimgi yunon falakshunoslaridan Gipparx, Eratosfen va Klavdiy Ptolemeylar armil¬lyar sferadan foydalanishgan.
Osmon globusi. Alisher Navoiy «Farhod va Shirin» dostonida Mirzo Ulug`bekning astronomik faoliyatiga baho berarkan, qo`yidagi
«Va lek ul ilm sori topti chun dast,
Kuzi olinda bo`ldi osmon past –
deb bu ikki satrda astronomik jihoz – osmon globusiga ishora qilgan.
Astronomiya tarixida “Osmon globusi” tushunchasi o`ziga xos ma’lum tarixga ega. Ta’kidlash joizki, osmonning sferik shaklda ko`rinishi, uning osmon globusi ko`rinishidagi modelini yasash uchun asos bulgan va o`tmishda ular oltin, kumush, bronza, yog`och, gips kabi materiallardan tayyorlangan.
Qadimgi yunon olimi Arximed (mil. avv. 287-212) qo`l kuchi bilan harakatlanadigan osmon globusi vositasida Quyosh, Oy va sayyoralar harakatini namoyish qilishga muvaffaq bo`lgan.
Qo`shyoyli devoriy kvadrant. (Kvadrant – aylana yoyining to`rtdan bir bo`lagi) – Alisher Navoiyning nazmiy va nasriy asarlarida qayd qilingan noyob astronomik jihoz. U haqda “Farhod va Shirin” dostonida bunday yozilgan:
Rasadkim bog`lamish — zebi jahondir,
Jahon ichra yana bir osmondir.
Bilib bu nav ilmi osmoniy,
Ki andin yozdi “Ziji Ko`ragoniy”
Bu parchada nafakat rasadxona bunyod etilishi, balki o`ziga xos astronomik jihoz ma’nosi xam anglashiladi.
Yoki “Majolis un-nafois” asarida Ulug`bek haqida: “Hay’at va riyoziyni xo`b bilur erdi. Andokkim, zij bitdi va rasad bog`ladi va holo aning ziji oroda shoe’dur” deb ta’kidlanadi. Ushbu misralarda ham kuzatuv jihozi qayd qilinadi. Alisher Navoiy yuqorida e’tibor qaratilgan astronomik jihozdan shunchalik ta’sirlanganki, natija- da o`zi xam bunday kuzatuv vositasini bunyod etishni hayol qilib, “Muhokamat ul-lug`atayn” asarida quyidagi fikrni bayon qiladi:
“Yana chun “Sab’ai sayyora” rasadin zami¬rim bog`labtur”. Bu misrada quyidagi ma’no qayd etilgan: “Etti sayyorani” kuzatmoq maqsadida men xayolan rasadxona bunyod etdim”. Shoir Ulug`bek rasadxonasiga tashrif buyurganda dastlab ko`rgan bino, ayni paytda ulkan astronomik jihoz ham edi. Gap shundaki, o`rta asrlarda musurmon sharqida maxsus astronomik funksiyani bajaruvchi jihozlangan bino kashf etildi. Bu bino dioptr-tuynukli bo`lib, u obskura-kamera-qorong`u xona effekti hosil qilish maqsadida qurilgan. Ulug`bek rasadxonasining asosiy jihozida ham tuynukdan yoyga tushgan nur qayd qilingan, ham qo`shyoy orasida turib samo yoritqichlarini kuzatish mumkin bo`lgan.
Yuqorida bayon qilinganlar asosida shuni ta’kidlash mumkinki, Alisher Navoiy yoshligidayoq koinotni anglash va uning qonuniyatlarini bilishga intilgan. U shu maqsadda falakiyot ilmi bilan jiddiy qiziqqan.
Alisher Navoiy o`z asarlarida falakiyotga oid ma’lumot va mavzularni bayon qilishda mahalliy astronomik so`z, ibora va tushunchalardan mohirona foydalangan va ularni qadimgi yunon falakiyotidagi ayni ma’lumotlar bilan moslab bergan. Bu esa mahalliy astronomik ta’limotning mavjud bo`lganini tasdiqlaydi.
Alisher Navoiy kuzatuvchi bevosita nigohi bilan ko`rsa bo`ladigan barcha osmon jismlarini o`xshatishlar orqali ifoda etib, yangi jihoz tamoyilini va nodir astronomik tushunchalarni, koinotni anglash ilm vositasida amalga oshadi, degan fikrlarni bayon qilgan. Uning asarlari¬da olamning ibtidosidan boshlab to o`rta asrlar falakiyot ilmi tarixini qamrab olgan astronomik ma’lumotlar majmuasi aks etgan.

Adabiyotlarlar:
Alisher Navoiy. Asarlar. 12-tom. T.,171-6.
Alisher Navoiy. Asarlar. 14-tom. T.,120-6.
Xamza Ortiqov
Tel:94-653-56-21