loader image
All for Joomla All for Webmasters
uzruen| Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
uzruen| Ro`yxatdan o`tish | Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
Ishonch telefoni
+998 79 225-19-30
Faks
Rektor qabulxonasi

INNOVATSION-KORPORATIV HAMKORLIK – TARAQQIYOT VA KASBIY RIVOJLANISH GAROVI

Barchamizga sir emaski, ta’lim hamda tarbiya jarayonining samaradorligi uning shakligagina emas, balki unda qo’llaniladigan turli usul va yondashuvlarga ham bog’liq. Ta’limda yuqori sifat va samaradorlikka erishish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik hamda axborot texnologiyalarni tatbiq etish bugungi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha pedagog xodimlar oldida turgan eng muhim vazifalardan biri sanaladi. Balki shu bois bo’lsa kerakkim, bugunki kunda Xalq ta’limi hamda Oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar hamda turli sektorlarning har jabhasida hamkorlik, o’zaro ishlash, fikr va tajriba almashish ishlari keng yo’lga qo’yilmoqda.

2020 yilning 8-yanvar kuni Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Zarafshon shahar xalq ta’limi bo’limining №01-02/2-2825-sonli xati asosida Zarafshon shahrining 3-sonli umumta’lim maktabida “Innovation for the bright future” nomi ostida O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 13-avgustdagi “Xalq ta’limi tizimida uzluksiz metodik xizmat ko’rsatish ishlarini yanada rivojlantirish to’g’risida”gi 183-sonli buyrug’i asosida o’quv- uslubiy hamda metodik seminar tashkil etildi. Yuqori saviyada tashkil etilgan seminarga Zarafshon shahar xalq ta’limi bo’limining mudiri Z.A. Baxranova, Zarafshon shahar xalq ta’limi bo’limi xorijiy tillar metodisti D.Sh. Rahmonova hamda  Zarafshon shahar 3-sonli umumta’lim maktabi rahbari hamda ma’muriyati boshchilik qilishdi.

Zarafshon shahar xalq ta’limi bo’limining tashabbusi bilan o’tkazilgan o’quv-metodik seminardan ko’zlangan asosiy maqsad Navoiy davlat pedagogika institutining Chet tillar fakulteti o’qituvchilari bilan uzoq muddatli, innovatsion hamda samarali hamkorlik ishlarini yo’lga qo’yishdan iborat edi. Seminar-trening Chet tillar fakulteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasining bir guruh tajribali o’qituvchilari tomonidan olib borildi.

Tadbirni Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi mudiri S.Q. Xasanova “Yangi O’zbekiston maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” nomli ma’ruzasi bilan ochib berdi. Ma’ruza davomida S. Xasanova muhtaram yurtboshimiz Sh. Mirziyoyevning Olis Majlis hamda xalqimizga 2020 yilning 29-dekabrida yo’llagan Murojaatomasida aytib o’tilgan ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar, ilm-ma’rifatni rivojlantirish maqsadida Davlat dasturi doirasida bajarilgan hamda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator ishlar to’g’risida ma’lumot berib o’tdi. Bundan tashqari S. Xasanova o’z nutqida bugungi kun o’qituvchi va pedagog xodimlarining egallashi kerak bo’lgan muhim “zamonaviy ko’nikmalar”iga alohida to’xtalib o’tdi va 15 ta eng muhim ko’nikmalar to’g’risida batafsil so’zlab berdi. Shundan so’ng so’z navbati Zarafshon shahar xalq ta’limi bo’limining mudiri Z.A. Baxranova hamda 3-sonli o’rta umumta’lim maktabi vaqtinchalik direktor vazifasini bajaruvchi D. Berdiyarovalarga berildi va ular fan va texnika taraqqiyoti asrida olib borilayotgan o’zaro hamkorlikning afzallik va yutuqli tomonlari haqida ma’lumot berishdi. Tadbirning ochilish marosimi so’ngida Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi katta o’qituvchisi N. Raximova O’zbekiston Respublikasidagi Britaniya Kengashi hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida yo’lga qo’yilgan Change Academy (O’zgarishlar maktabi) dasturi doirasida yaratilgan INPRODEC loyihasi hamda ushbu loyiha asosida institut qoshida o’z faoliyatini boshlagan Kasbiy Rivojlanish Markazi (KRM) to’g’risida tashrif buyurgan barcha tadbir ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berdi. N. Raximova o’z nutqi davomida uzluksiz kasbiy rivojlanishning o’ziga xos afzalliklari hamda uning pedagoglar uchun naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlab o’tdi. Ochilish marosimi so’ngida seminarning tashkilotchi o’qituvchilari Zarafshon shahar xalq ta’limi bo’limi tomonidan tashkil etilgan esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida barcha seminar ishtirokchilari Ingliz tili va adabiyoti kafedrasining yetakchi o’qituvchilari tomonidan tashkil etilgan trening mashg’ulotlariga taklif etildi. D. Ergashova va N. Ochilova “Effective implementation and assessment of project works”, D. Kodirova va M. Burxanova “Effective feedback” hamda N. Raximova va Y. Xasanovalar “Using digital learning tools in the EFL classrooms” nomli mavzularda o’zlariga biriktirilgan zamonaviy jihozlangan xonalarda master klass dars mashg’ulotlarini tashkil etishdi.

Trening mashg’ulotlari jarayonida trener o’qituvchilar tomonidan maktab darsiklarida mavjud loyiha ishlarini to’g’ri va samarali tashkil etish hamda ularni baholash, o’qituvchining dars o’tishi hamda uning faoliyatiga to’g’ri baho bera olish va bu borada o’z fikr-mulohazalarini to’g’ri ifodalash yollari hamda ingliz tili darslarida zamonaviy raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish yo’llari bo’yicha kerakli maslahat va tavsiyalar berildi. Seminar-treningda ishtirok etgan barcha o’qituvchilar mashg’ulotlar jarayonida foydalanilgan tarqatma, video va audio materiallar bilan ta’minlandi.

Tadbir so’ngida barcha tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirildi. Navoiy davlat pedagogika instituti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi hamda Zarafshon shahar xalq ta’limi bo’limi o’rtasida o’quv-uslubiy ishlar, ilmiy-tadqiqot va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to’g’risida ikki tomonlama shartnoma imzolandi va ushbu shartnomaga ko’ra rahbar va pedagog kadrlarning malakasini va kasb darajasi muntazam oshirib borishga yaqindan yordam berish, o’zaro darslarni kuzatishni tashkil etish, o‘quv-tarbiya jarayonida o‘qitishning zamonaviy ilg‘or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish bo’yicha kerakli maslahat va tavsiyalarni berish, umumta’lim muassasalariga metodik rahbarlik qilish, ta’lim uchun kerakli bo’lgan o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodlari yaratilishi va nashr etilishini tashkil etish, ta’lim sifati va mazmunini oshirishda yaqindan ko’mak berish, yozgi ta’lim olish maktablari (Summer school), IELTS va CELTA o’quv kurslarini tashkil etish kabi bir qator ishlarni amalga oshirish belgilab qo’yildi.